MAHALLIY YANGILIKLAR
2—3-may kunlari Botsvana poytaxti Gaboroneda yengil atletikaning estafeta yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon Chempionati bo‘lib o‘tdi. Muxlislar yana bir bor azaliy raqiblarning ayovsiz kurashlariga guvoh bo‘ldilar. Estafeta musobaqalarining tomoshabopligi ham shunda. Musobaqa yakunlariga oid eng muhim ma'lumotlarni sizga taqdim etamiz.
Ikki kunlik musobaqa dasturining birinchi kunida erkaklar va ayollar o‘rtasida 4x100m va 4x400m, shuningdek aralash esfetada ham xuddi shunday masofalarda birinchi Saralash bosqichi o‘tkazildi va har bir musobaqada eng yaxshi 8 ta natija egalari final bosqichiga yo‘l oldi. 4x100m aralash estafetada Yamayka atletlari jamoasi 39.99 soniya natija bilan Jahon Rekordini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur shonli jamoa tarkibida Akim Bleyk, Tina Kleyton, Kadrian Goldson va Tia Kleytonlar bor edi. Qolgan jamoalar esa kelasi yili Pekin mezbonligida o‘tadigan Jahon Chempionatining har bir turda qolgan 4 tadan yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi.
Shunday qilib hali final bahslarida g‘oliblar kuch sinashishi avvalidan har bir tur bo‘yicha quyidagi federatsiyalar jamoalari Pekin—2027'ga boradigan bo‘ldi:
4x100m erkaklar: Kanada, Germaniya, JAR, AQSh, Avstraliya, Botsvana, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Gana, Yamayka va Belgiya.
4x100m ayollar: Buyuk Britaniya, Norvegiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Germaniya, Irlandiya, Fransiya, Polsha va Avstraliya.
4x400m erkaklar: Avstraliya, Botsvana, JAR, Niderlandiya, Portugaliya, Zimbavbe, Qatar, Belgiya, Yaponiya, Braziliya, Senegal va Ispaniya.
4x400m ayollar: Buyuk Britaniya, Norvegiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Germaniya, Irlandiya, Fransiya, Polsha va Avstraliya.
4x100m aralash: Yamayka, Kanada, Germaniya, Niderlandiya, Nigeriya, AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Portugaliya, Avstraliya va Shveytsariya.
4x400m aralash: Buyuk Britaniya, AQSh, Keniya, Ispaniya, Avstraliya, Italiya, Yamayka, Polsha, Kanada, JAR, Belgiya va Nigeriya.
Shundan so‘ng ikkinchi kungi dasturning ikkinchi qismida barcha turlarda final bahslari o‘tkazildi hamda g‘oliblar g‘alabani tantana qildilar.
Erkaklar o‘rtasida 4x100m estafeta musobaqasida Qo‘shma Shtatlar jamoasiga teng keladigani topilmadi. Ronni Beykr, Maks Tomas, Lans Leng va Pyai Ostin jamoasi 37.43 soniyada marra chizig‘iga yetib keldi hamda oltin medallarga ega chiqdi. Qolaversa, jamoa mazkur natija bilan joriy yilda yetakchiga aylanib oldi. Kuchli uchlikning natijalar quyidagicha tus oldi:
1. AQSh — 37.43 2. JAR — 37.49 3. Germaniya — 37.76
Ayollar o‘rtasidagi 4x100m estafetasida Yamayka ayollaridan iborat jamoa hammadan yaxshiroq natija ko‘rsatib, shohsupaga g‘olib sifatida ko‘tarildi. Brayna Uilyams, Jodeyn Uilyams, Lavanya Uilyams va Elayn Tomson-Hera kvarteti naqd 42 soniyada marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar quyidagicha ko‘rinishga keldi:
1. Yamayka — 42.00 2. Kanada — 42.17 (MR) 3. Ispaniya — 42.31
Erkaklar o‘rtasida 4x400m finalida: 1. Botsvana — 2:54.47 2. JAR — 2:55.07 (MR) 3. Avstraliya — 2:55.20
Botsvana tarkibi — Lee Bhekempilo EPPIE, Letsile TEBOGO, Bayapo NDORI va Busang Collen KEBINATSHIPI.
Ayollar o‘rtasida 4x400m finalida: 1. Norvegiya — 3:20.96 2. Ispaniya — 3:21.25 (MR) 3. Kanada — 3:22.66
Norvegiya tarkibi — Josefine Tomine Eriksen AKS, Amalie IUEL, Astri ERTZGAARD va Henriette JÆGER.
Aralash 4x100m final bosqichida: 1. Yamayka — 39.62 (JR) 2. Kanada — 40.23 3. AQSh — 40.33
Yamayka tarkibi — Akim Bleyk, Tina Kleyton, Kadrian Goldson va Tia Kleyton.
Aralash 4x400m yakuniy bosqich sovrindorlari: 1. AQSh — 3:07.47 2. Yamayka — 3:08.24 (MR) 3. Buyuk Britaniya — 3:09.84
AQSh tarkibi — Bryce DEADMON, Paris PEOPLES, Jenoah MCKIVER va Bailey LEAR.
4x100m aralash estafeta musobaqasida Yamayka jamoasi bir kun avval o‘rnatilgan Jahon Rekordini 37 millisoniyaga yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi — 39.62 soniya. Jamoa tarkibi avvalgisi bilan bir xil edi.
Gaboronedagi Jahon Birinchiligi g‘oliblik, shon-shuhrat, medallar, pul mukofotlari va Jahon Chempionatiga yo‘llanma berishidan tashqari yana bir jihatdan ahamiyatli edi. Bu yili ilk bor tashkil etilgan hamda kuchlilar orasida faqat eng kuchlilarnigina bir joyga jamlashni va'da qilgan Budapesht shahrida sentyabr oyida o‘tkaziladigan birinchi Jahon Ultimate Chempionatiga yo‘llanmalar taqdim etilish Botsvanadagi musobaqaga boshqacha ahamiyat berilishiga sabablardan biri edi.
Yakunda natijalariga binoan quyidagi jamoalar turlar bo‘yicha Budapeshtga uchish imkoniyatini qo‘lga kiritdi:
4x100m aralash: Kanada, Germaniya, Yamayka, Nigeriya, Ispaniya va AQSh,
4x400m aralash: Buyuk Britaniya, Italiya, Yamayka, Keniya, Ispaniya va AQSh.
Janubiy Koreyaning Mokpo shahrida o‘tkazilayotgan 4-Uloqtirish turlari bo‘yicha Osiyo Chempionatida hamyurtimiz Sarvar Ismoilov erkaklar o‘rtasida nayza uloqtirish yo‘nalishida final bosqichida ishtirok etib, 77.39 metr natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirdi va birinchi o‘rinni egalladi.
Bu g‘alaba — matonat, tinimsiz mehnat va yengilmas ruhning yorqin isboti bo‘lib, har bir urinishda ortib borayotgan ishonch, sinovlardan toblangan iroda va Vatan sharafini yuksaklarga ko‘tarishga bo‘lgan cheksiz intilishning tantanasidir!
Qayd etish joizki, Sarvar Ismoilov 6 urinishda 3 bor o‘z shaxsiy eng yaxshi natijasini yangiladi.
Sarvar ISMOILOV — 77.39 metr — nayza uloqtirish — 76.03 (1), X (2), 74.02(3), 76.32 (4), 77.39 (5), 73.62 (6) — 1-o‘rin
Osiyo Chempionatida shaxsiy rekordini o'rnatgan hamyurtimiz, shuningdek mamlakatning barcha davrlardagi eng yaxshi 9-natijasini ko'rsatdi va o'z nomini yurtimiz yengil atletikasi tarixiga yozdirib qo'ydi. Qolaversa, ushbu medal 4-bor o'tkazilgan uloqtirish turlari bo'yicha Osiyo Chempionatidagi ilk oltin medal ham hisoblanadi. Sarvar Ismoilovga bundanda yuqori marralarni zabt etishini tilaymiz!
Shu tariqa bu yilgi Osiyo Chempionatida 🇺🇿 O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 1 ta kumush medal qo‘lga kiritdi.
G‘alaba barchamizga muborak bo‘lsin!
Janubiy Koreyaning Mokpo shahrida o‘tkazilayotgan 4-Uloqtirish turlari bo‘yicha Osiyo Chempionatida hamyurtimiz Ayyubxon Fayozov erkaklar o‘rtasida bosqon uloqtirish musobaqasida 71.33 metr natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi va musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.
![]()
Ayyubxon FAYOZOV — 71.33m — bosqon uloqtirish — 69.41 (1), 69.34 (2), X (3), 71.33 (4), X (5), 70.53 (6) — #2-o‘rin
10-may kuni "9-may — Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari hamda kuch tuzilmalari o‘rtasida "Men G‘olib" yubiley vatanparvarlik yugurish musobaqasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur musobaqani yuqori saviyada, xavfsiz va tartibli tashkil etish maqsadida tashkilotchilardan iborat ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida musobaqaning tashkiliy jihatlari, qatnashchilarni ro‘yxatga olish, start va finish hududlarini tayyorlash va yo‘nalish bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
![]()
Shuningdek, tadbir davomida jamoat tartibini saqlash, tomoshabinlar uchun qulay sharoitlar yaratish, volontyorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Har bir mas’ul tashkilot va idoralarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida barcha mutasaddi tomonlar musobaqani yuksak saviyada o‘tkazish, ishtirokchilarga munosib sharoit yaratish hamda tadbirning vatanparvarlik ruhini keng targ‘ib etish borasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.
Xitoyning Sanya shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo sohil o‘yinlarida 3-kun dasturidan o‘rin olgan ayollar o‘rtasida balandlikka sakrash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan hamyurtimiz Barnoxon Sayfullayeva 1.85 metr natija bilan barcha raqiblarini dog‘da qoldirib, yengil atletika terma jamoasiga musobaqadagi ilk medalni taqdim etdi. Sayfullayeva qo‘lga kiritgan medal O‘zbekistonlik sportchilarning Sanya sohil o‘yinlaridagi yagona medali bo‘lib qoldi. Yakunda mamlakatimiz medallar umumiy reytingida 14-o‘rinni egalladi.
Barnoxon SAYFULLAYEVA — 1.85 metr — 1.70 (), 1.75 (), 1.78 (), 1,81 (), 1,83 (), 1.85 (), 1.87 () — balandlikka sakrash — #1-o‘rin
G‘alaba barchamizga muborak bo‘lsin!
16–17-aprel kunlari Yengil atletika federatsiyasi stadionida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, yengil atletika rivojiga katta hissa qo‘shgan sportchi va murabbiy A.A. Vink xotirasiga bag‘ishlangan Respublika turniri bo‘lib o‘tadi.
Musobaqa yengil atletikaning bosqon, disk, nayza uloqtirish, yadro itqitish turlari bo‘yicha kichik o‘smirlar (U16, o‘g‘il va qiz bolalar), o‘smirlar (U18, o‘g‘il va qiz bolalar), yoshlar (U20, yoshlar va qizlar) va kattalar (erkaklar va ayollar) o‘rtasida o‘tkaziladi. Unda Respublikamizning turli hududlari va xorijdan kelgan sportchilar ishtirok etadi.
Bunday xotira turnirlarning muntazam o‘tkazilishi xizmat ko‘rsatgan murabbiy va ustozlar xotirasini abadiylashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, milliy terma jamoaga nomzodlarni saralash, uloqtirish turlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Barcha hududlar kabi Toshkent viloyatining tuman va shaharlarida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining birinchi bosqichi davom etmoqda.
Yangiyo'l shahrida tashkil etilgan hokim Olimpiadasi doirasida Yengil atletikaning 24 ta turi bo‘yicha musobaqalar qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tdi.
![]()
Unda yuqori o'rinlardan joy olgan ishtirokchilar Olimpiadaning ikkinchi bosqichiga yo'l olishdi.
Musobaqalarni kuzatib borgan Yengil atletika federatsiyasi raisi o'rinbosari Nizomjon To'xtaboyev musobaqani yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etib, ushbu sport turini hududda yanada rivojlantirish bo'yicha mas'ullarga ko'rsatmalar berdi.
Mazkur bellashuvlar yoshlarni sportga keng jalb etish, yosh iqtidorlarni aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
2026-yil 29-mart kuni soat 07:00 da O‘zbekistonning eng shimoliy shahri — Nukusning markaziy ko‘chalarida Silk Road xalqaro loyihasining yugurish tadbirlari turkumiga start beriladi. Dasturga 10 va 5 km masofalarga mo‘ljallangan Silk Road Nukus ommaviy yugurish musobaqalari, Talaba Yugur talabalar starti, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirokidagi Inson Uchun inklyuziv ommaviy yugurish musobaqasi hamda 500 va 250 metr masofalarda Kids Run bolalar ommaviy yugurish musobaqalari kiritilgan.
Tadbirda 2000 nafarga yaqin kishi ishtirok etishi kutilmoqda. Qatnashchilarning asosiy qismini viloyat aholisi – maktab o‘quvchilari, talabalar va yugurish havaskorlari, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa shaharlari hamda xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan professional sportchilar va yugurish klublari vakillari tashkil qiladi.
O‘tgan yili start olgan Silk Road Uzbekistan xalqaro ommaviy yugurish musobaqalari turkumi ommaviy sportni Buyuk Ipak yo‘lining madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish bilan birlashtiradi. 2026-yil mavsumidagi turkum mamlakatning sakkizta shahrida bo‘lib o‘tadi: start 29-mart kuni Nukusda bo‘lib o‘tadi, so‘ngra ommaviy yugurish musobaqalari Samarqand (26-aprel), Toshkent (24-may), Qo‘qon (7-iyun) va Buxoroda (14-iyun) bo‘lib o‘tadi. Kalendarning kuzgi qismini tadbirning Andijon (27-sentyabr) va Shahrisabz (18-oktyabr) shaharlaridagi bosqichlari davom ettiradi, 15-noyabr kuni esa Xiva shahridagi final starti bilan seriya yakunlanadi.
Nukus shahri hududi Buyuk Ipak yo‘lining muhim savdo markazlaridan biri bo‘lgan qadimiy Xorazm tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘tmishda karvon yo‘llari uchun asosiy mo‘ljal vazifasini o‘tagan Orol dengizi va Amudaryoning yaqinligi qoraqalpoq xalqi madaniyati, san’ati, me’morchiligi hamda an’anaviy turmush tarzida o‘zining sezilarli izini qoldirgan.
Zamonaviy Nukus hududning katta ahamiyatga sazovor madaniy markazi sifatida ham mashhur. Bu yerda jahon miqyosidagi avangard san’ati asarlarining noyob to‘plamiga ega Igor Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi muzeyi joylashgan.
Silk Road Nukus ommaviy yugurish musobaqalari marshruti shahar markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tib, asosiy manzillarni, jumladan, Qoraqalpog‘iston poytaxtining diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan Davlat bayrog‘i maydonini qamrab oladi. Ushbu maydonda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston davlat bayroqlari o‘rnatilgan 55 metrlik ikkita flagshtok mavjud.
“Yugurish ixlosmandlari va yugurish klublari a’zolari uchun Nukus shahri yugurish musobaqalari xaritasidagi eng g‘aroyib va esda qolarli manzillardan biriga aylanishi mumkin, — deya ta’kidladi Markaziy Osiyo yurish va yugurish akademiyasi direktori Shuhrat Usmonov. — Silk Road ommaviy yugurish musobaqalari turkumi hamda O‘zbekistondagi bir qator yirik ommaviy yugurish tadbirlarining tashkilotchisi bo‘lgan Markaziy Osiyo yurish va yugurish akademiyasi havaskorlar yugurishi infratuzilmasini izchil rivojlantirib, startlar geografiyasini kengaytirib bormoqda. Shahar landshafti va ommaviy yugurish musobaqasi yo‘nalishi, ayniqsa, bahorda mo‘tadil ob-havo yirik sport tadbirlarini o‘tkazishga imkon beradigan pallada shaxsiy rekordlarni yangilash uchun qulay sharoit yaratadi. Biz yuguruvchilarni va hudud aholisini bahor ayyomi — Navro‘zni Silk Road ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etish orqali nishonlashga, Nukusni yangi yuguruvchilar shahri sifatida kashf etishga hamda Qoraqalpog‘istonning boy tarixiy merosi bilan tanishishga chorlaymiz”.
Tadbir dasturidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan Talaba Yugur talabalar yugurish musobaqasining navbatdagi respublika bosqichi ham o‘rin olgan. Talabalar ommaviy yugurish musobaqalarining tashkilotchisi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Inson Uchun inklyuziv xayriya ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi. Tadbirning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sport tamoyillarini va ularning ijtimoiy integratsiyasini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Silk Road Nukus g‘olib va sovrindorlari uchun erkaklar va ayollar o‘rtasida 5 va 10 km masofalarda sovrin jamg‘armasi ko‘zda tutilgan.
10 km:
- 1-o‘rin - 6 mln so‘m
- 2-o‘rin - 5 mln so‘m
- 3-o‘rin - 4 mln so‘m
5 km:
- 1-o‘rin - 3,5 mln so‘m
- 2-o‘rin - 3 mln so‘m
- 3-o‘rin - 2,5 mln so‘m
250 va 500 metr masofalarga o‘tkaziladigan Kids Run bolalar ommaviy yugurish musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari tashkiliy qo‘mita hamda tadbir hamkorlari tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Start to‘plamlari narxi tanlangan masofaga qarab 100 000 so‘mdan 200 000 so‘mgachani tashkil etadi. Start to‘plamlari 27 va 28-mart kunlari tarqatiladi.
Ishtirokchining start to‘plamiga quyidagilar kiradi:
- maxsus futbolka
- kepka
- chip va to‘g‘nog‘ichlar bilan start raqami
- ryukzak
- esdalik medali.
Hamkorlik platformasida ro‘yxatdan o‘tish boshlandi:
https://perfend.com/en/events/sport/silkroad-nukus
Silk Road xalqaro ommaviy yugurish musobaqasiga qo‘shiling va tobora rivojlanayotgan O‘zbekiston sport harakatining bir qismiga aylaning.
Bugun Yaponiyaning Nomi shahrida yengil atletikaning sportcha yurish yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo Chempionati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qit'a birinchiligining erkaklar o‘rtasidagi bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Rasulbek Dilmurodov marra chizig‘ini uchinchi bo‘lib kesib o‘tdi hamda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Sportcha yurish bo‘yicha mamlakatimizning eng yetakchi atleti hisoblanadigan Rasulbek Dilmurodov yakunda 1:25:31 natijani qayd etdi. Ta'kidlash joiz, Dilmurodov ushbu natija bilan Osiyo Chempionatining ikki karra sovrindoriga aylandi.
![]()
Ayollar o‘rtasida musobaqada qatnashgan Diana Yafasova esa 1:52:33 natija bilan beshinchi natijani ko‘rsatdi.
Vakillarimizni munosib ishtirok va sovrinli natija bilan tabriklaymiz!
Xabaringiz bor, joriy yilning 5-aprel kuni poytaxtimizda "Navro‘z" umumxalq bayrami munosabati bilan "Toshkent xalqaro marafoni"ni bo‘lib o‘tadi. Marafonga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida haftaning har juma kuni Ishchi guruhning yig‘ilishi o‘tkazib kelinmoqda.
Bugun Yengil atletika federatsiyasida tashkil etilgan navbatdagi yig‘ilishda ommaviy yugurush musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Jumladan, marafon o‘tkaziladigan hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibot organlari, tibbiy xizmat va favqulodda vaziyatlar xizmatlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, media-reja, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot, marafonning turistik va boshqa ahamiyatining yoritilishi masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Joriy yilning 1-martidan boshlab tadbirning sahnalashtirilgan tayyorgarlik mashqini (repetisiya) o‘tkazilishi rejalashtirildi Yig‘ilish yakunida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
![]()
2026-yil 5-aprel kuni poytaxtimiz Toshkentda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan an’anaviy VIII Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi.
Sakkizinchi yil ketma-ket o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli sport tadbiri bugungi kunda mamlakatimizning eng yirik sport tadbirlaridan biri hisoblanadi. Unda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 15 000 nafardan ziyod ishtirokchi kutilmoqda.
Marafon World Athletics tomonidan beriladigan “World Athletics Label” maqomiga ega nufuzli xalqaro sport tadbiridir. Xalqaro marafonda qayd etilgan natijalar World Athletics tomonidan tan olinadi.
Tadbir tashkilotchilari:
— O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi
— O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi
— ProRun kompaniyasi
🏁 Marafon yo‘nalishlari:
• 42 km – Klassik marafon
• 21 km – Yarim marafon
• 10 km
• 5 km – Fun Run
• Nogironligi bo‘lganlar o‘rtasida alohida musobaqalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Xalqaro marafonda professional sportchilar ham, havaskor yuguruvchilar ham ishtirok etishlari mumkin.
⸻
🎉 Ochilish marosimi:
📍HUMO Arena
🗓4-aprel 2026
🕖Soat 19:00
Dasturda:
— Xalqaro ishtirokchilar paradi
— Bayramona konsert dasturi
— Salyut
Barcha muxlislar uchun ochiq!
Start paketi:
Har bir ishtirokchi quyidagilarga ega bo‘ladi:
Start raqami;
Elektron xronometraj chipi;
Musobaqaning maxsus futbolkasi;
Finishchi medali;
Trassada suv va ovqatlanish;
Elektron sertifikat va rasmiy natija;
💵Ishtirok narxi: 300 000 so‘m
📆Tadbir dasturi:
4-aprel (shanba) – HUMO Arena
17:00 – Bolalar yugurishi
19:00 – Ochilish marosimi
19:30 – Salyut
19:35–21:00 – Konsert
5-aprel (yakshanba)
05:00 – Musobaqa ishtirokchilarining to’planish to’planish vaqti
06:00 – 42 km start
07:30 – 21 km start
09:00 – 10 km start
10:00 – Taqdirlash marosimi
11:00 – 5 km start
12:00 – Yopilish marosimi
Marafonning start va finish nuqtalari HUMO Arena maydonida joylashadi. Musobaqa ishtirokchilari belgilangan masofani Toshkent shahrining quydagi ko‘chalari bo‘ylab bosib o‘tadi:
START: Afrosiyob ko‘chasi ⟶ Islom Karimov ko‘chasi ⟶ Sharof Rashidov ko‘chasi ⟶ Shahrisabz ko‘chasi ⟶ Oybek ko‘chasi ⟶ Nukus ko‘chasi ⟶ Abdulla Qodiriy ko‘chasi ⟶ Beshyog‘och ko‘chasi ⟶ FINISH: Afrosiyob ko‘chasi.
🏆 Mukofot jamg‘armasi:
42 km:
🥇 48 000 000 so‘m
🥈 36 000 000 so‘m
🥉 24 000 000 so‘m
21 km:
🥇 12 000 000 so‘m
🥈 9 000 000 so‘m
🥉 7 000 000 so‘m
10 km:
🥇 7 000 000 so‘m
🥈 6 000 000 so‘m
🥉 4 000 000 so‘m
5 km:
🥇 3 000 000 so‘m
🥈 2 000 000 so‘m
🥉 1 000 000 so‘m
➡️ Ro‘yxatdan o‘tish: ProRun.uz yoki @prorunuzbot
🖥 Qo‘shimcha ma'lumotlar uchun havola
🔴 VIII International Tashkent Marathon — bu sport, sog‘lom turmush tarzi va bayram kayfiyatini o’zida birlashtirgan yirik xalqaro tadbirdir.
Barchangizni ushbu sport bayramida faol ishtirok etishga chorlab qolamiz!
Joriy yilning 5 aprel kuni poytaxtimizda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan VIII International Tashkent Marathon ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur yirik sport tadbiri O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yengil atletika federatsiyasi, “ProRun” kompaniyasi hamda hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Musobaqada dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 15 000 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov rahbarligida ushbu ommaviy musobaqaga tayyorgarlik yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda, avvalo, 2025 yil davomida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ommaviy sport tadbirlari haqida axborot berildi.
Shundan so‘ng, xalqaro marafonga tayyorgarlik jarayonlari, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tadbir ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish tartibi, bellashuvlar poytaxtning qaysi ko‘chalari bo‘ylab o‘tkazilishi, xavfsizlik choralari, tibbiy xizmat ko‘rsatish va boshqa tashkiliy jihatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Ma’lumot uchun, Toshkent xalqaro marafoni O‘zbekistonda “World Athletics Label” maqomiga ega bo‘lgan nufuzli xalqaro sport tadbiri hisoblanadi. Marafon dasturidan 42 km klassik marafon, 21 km yarim marafon, 10 km va 5 km Fun Run yugurish bahslari o‘rin olgan.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan sportchilar o‘rtasida ham alohida musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yengil atletika federatsiyasi raisi maslahatchisi Kamoliddin Ruzmuxamedov, Navoiy viloyati Bojxona boshqarmasi bolshlig'i Azizbek Do'styorov, Sport maktabi direktori Sanjar Aslonov va boshqa mutasaddilar bilan Navoiy viloyat sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan maktab tasarrufidagi Kimyogar stadionida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari, yengil atletika bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni atroflicha ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, sportchilarga qaratilayotgan e’tibor, yengil atletikani yanada rivojlantirish, istiqboldagi ustuvor vazifalar bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Yengil atletika federatsiyasi raisi o’rinbosari Nizomjon To’xtaboyev Toshkent viloyati Yangiobod shaharchasida joylashgan “Dukent” sport bazasida o’quv-yig’in mashg’ulotlarini olib borayotgan terma jamoa a’zolari bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida sportchilarning muammolari, ularga yartilgan sharoitlar o’rganildi va oldinda turgan nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko’rish kerakligi ta’kidlandi.
Xabaringiz bor, Qoraqalpog’iston Respublikasi sport vazirligi, O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi bilan hamkorlikda xorijlik tajribali murabbiylar tomonidan yengil atletika yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan trener va mutaxassislar uchun va talabalari uchun 2 kunlik ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarning 2-kunida ishtirokchilarga Rossiya Federatsiyasidan kelgan Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy Nikolay Kolodko yengil atletikaning uloqtirish turlarini rivojlantirish
bo‘yicha zamonaviy metodikalari, Xalqaro darajadagi sport ustasi Sergey Dementev esa "Yengil atletikaning qisqa masofaga yugurish turlarini rivojlantirishning zamonaviy usullari bo'yicha mahorat darslari o'tishdi.
Nukus shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida yengil atletika yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan murabbiy va mutaxassislar uchun 2 kunlik ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirning dastlabki kuni nazariy mashg‘ulotlar bilan boshlandi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vaziri E. Qutibaev hududda yengil atletikani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Nizomjon To‘xtaboyev “Prezident olimpiadasi” va xalqaro musobaqalar, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari hamda O‘zbekiston chempionati va kuboklarida sportchilarning ishtirokini samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Seminar davomida Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan mutaxassislar Sergey Dementev va Nikolay Kolodko tomonidan yengil atletikaning uloqtirish hamda qisqa masofalarga yugurish turlarini rivojlantirishga oid zamonaviy metodika va usullar yuzasidan ma’ruzalar o‘qildi.

Bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Xitoyning Tianjin shahri mezbonlik qilgan 12-yopiq inshootda yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo Chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, jami 4 medal bilan jamoaviy hisobda beshinchi o‘rinda musobaqani yakunlagan O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi rais o‘rinbosari Otabek Choriyev, federatsiya jamoasi, atletlarning yaqin qarindoshlari va do‘stlari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari g‘olib va sovrindorlarni qutladi.
Tianjinda Osiyo Chempionatidagi yuksak natijalar mamlakatimizda yengil atletika rivojida yangi sahifa bo‘ldi. Qit'aning eng tezkor va kuchli sportchilari bilan tengma teng kurash olib borgan O‘zbekiston atletlari 3 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bugun 22-yanvar sanasida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida Renessans ta'lim universiteti Pedagogika fakulteti, Sport faoliyati kafedrasi professor o‘qituvchilari — falsafa doktori (PhD), dotsent va kurash bo‘yicha jahon chempioni Z.S.Artiqov, falsafa doktori (PhD), professor v.b. X.X.Umarov va professor U.R.Radjapov ishtirokida universitetda tahsil olayotgan talabalar uchun maxsus o‘quv seminar tashkil etildi.
O‘quv seminarida federatsiya rais o‘rinbosari N.T.To‘xtaboyev va bosh kotib D.I.Avazov ishtirok etib, mamlakatimizda sportni shu jumladan, yengil atletika turini rivojlantirishda sport ta'limining o‘rni mavzusida talabalar bilan suhbat olib bordi. Mavzu bo‘yicha yengil atletika turlari bo‘yicha talabalarga amaliy misollar bilan sport ta'limi va amalda sport bilan shug‘ullanishning bog‘liqlik jihatlari ochib berildi.
So‘nggi yillarda o‘zbek sportida erishilayotgan ulkan g‘alabalarda sport ilmiy jihatdan o‘rganish hamda natijalarni amaliyotga tatbiq etishni o‘rni beqiyos.

Silk Run Andijan xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi ishtirokchilarini O‘zbekistonda yugurish harakatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida tashkilotchilar tomonidan ajratilgan katta sovrin jamg‘armasi kutmoqda!
Sovrin jamg‘armasining umumiy miqdori 165 million so‘mni tashkil etadi!
5, 10 va 21 km masofalarda hamda Shimoliy yurish bo‘yicha barcha g‘oliblar 1 million so‘mdan 12 million so‘mgacha pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Kids Run g‘oliblari homiylardan sovg‘alar va hadyalar olishadi.
Yugurish ishqibozlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun 50 yoshdan 80 yoshdan yuqori bo‘lgan yosh toifalari ham kiritilgan.
Ishtirok eting va perfend.com saytida ro‘yxatdan o‘ting.
Bugun O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida federatsiyasi rahbariyati vakili, sport faxriysi hamda Olimpiada va jahon chempioni Andrey Xakimovich Abduvaliyev sharafiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston sporti afsonasi federatsiya tarkibida murabbiy sifatida sportchilarni nufuzli musobaqalarga tayyorlashda davom etishini maʼlum qildi. Tadbirda federatsiya raisi o‘rinbosarlari O.Choriyev va K.Usmonov so‘zga chiqib, Andrey Abduvaliyevga sportchilarimizni xalqaro maydonda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida katta hissasi borligini taʼkidladi va buning uchun minnadorchilik bildirdi.
Andrey Hakimovich Abduvaliyev 1966-yil 30-iyun kuni tug‘ilgan. Yengil atletikaning bosqon uloqtirish yo‘nalishi bo‘yicha Barselona—1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni. Shuningdek, 1993-yil Shtutgart va 1995-yil Gyoteborgda o‘tgan jahon chempionatlari g‘olibi, Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlari sovrindori ham sanaladi.
2018-yil O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi lavozimiga konferensiya yig‘ilishida saylandi. U 2001—2012-yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasining yengil atletika turi bo‘yicha bosh murabbiyi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2019-yil Yengil atletika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga direktor lavozimiga shu bilan birga, mazkur yili Osiyo yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.
2021-yil davlatimiz tomonidan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Murabbiylik faoliyati davomida tayyorlagan bir qator malakali sportchilar respublika va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqdalar.
Maktabda direktorlik faoliyati davomida ham sportchilarni qo‘llab-quvvatlagan holda nufuzli musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berishda jonbozlik ko‘rsatib kelgan. 2019-yil Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan Osiyo Chempionatida N.Dusanova, E.Voronina va R.Kurbanov oltin medallar, S.Radzivil va S.Xodjayev bronza medallarni qo‘lga kiritdilar. N.Sharipova, S.Erkinova, R.Xudoyarova va I.Markelov final bosqichida kuchlik o‘ntalikdan o‘rin oldilar.
Xizmat ko‘rsatgan sport ustasi unvonini qo‘lga kiritgan Andrey Abduvaliyev 2000-yilda sportchilik faoliyatini tugatgan. Bir necha yil mamlakat yengil atletika federatsiyasi raisi sifatida samarali mehnat qilgan. Hozirda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari va Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida ish olib bormoqda. Hozirgi kunda Andrey Abduvaliyev Markaziy Osiyo Assotsiatsiya Prezidenti sifatida tayinlandi. 2027-yil yakuniga qadar Osiyo Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida o‘z faoliyatini olib boradi.
“Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan, oliy toifali trener hisoblanadi.
Yuqoridagi natijalar A.Abduvaliyevning sport sohasidagi bilim va amaliy tajribasi naqadar yuksak ekaniga dalolat beradi. Uning tashabbuskorligi va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan ado etishi bilan mamlakatimiz sportini rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan fidoyilardan biridir. Andrey Abduvaliyev maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishda yuksak madaniyat egasi, chuqur tafakkurli va kamtarin, to‘g‘ri so‘z, mehribon va qatʼiyatli inson ekani bilan barchaning hurmati va mehrini qozondi.
Yillar davomida olib borilgan rahbarlik faoliyati uchun Andrey Abduvaliyevga minnatdorchilik bildiramiz va yurtimizda yengil atletika sportini rivojlantirish yo‘lida hamisha bir jamoa bo‘lib qolamiz, degan umiddamiz.







