YANGILIKLAR
Xabarlar
Federatsiyada faoliyatini davom ettirayotgan rahbar sharafiga tantanali tadbir o‘tkazildiFederatsiyada faoliyatini davom ettirayotgan rahbar sharafiga tantanali tadbir o‘tkazildi
« BackBugun O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida federatsiyasi rahbariyati vakili, sport faxriysi hamda Olimpiada va jahon chempioni Andrey Xakimovich Abduvaliyev sharafiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston sporti afsonasi federatsiya tarkibida murabbiy sifatida sportchilarni nufuzli musobaqalarga tayyorlashda davom etishini maʼlum qildi. Tadbirda federatsiya raisi o‘rinbosarlari O.Choriyev va K.Usmonov so‘zga chiqib, Andrey Abduvaliyevga sportchilarimizni xalqaro maydonda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida katta hissasi borligini taʼkidladi va buning uchun minnadorchilik bildirdi.
Andrey Hakimovich Abduvaliyev 1966-yil 30-iyun kuni tug‘ilgan. Yengil atletikaning bosqon uloqtirish yo‘nalishi bo‘yicha Barselona—1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni. Shuningdek, 1993-yil Shtutgart va 1995-yil Gyoteborgda o‘tgan jahon chempionatlari g‘olibi, Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlari sovrindori ham sanaladi.
2018-yil O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi lavozimiga konferensiya yig‘ilishida saylandi. U 2001—2012-yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasining yengil atletika turi bo‘yicha bosh murabbiyi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2019-yil Yengil atletika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga direktor lavozimiga shu bilan birga, mazkur yili Osiyo yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.
2021-yil davlatimiz tomonidan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Murabbiylik faoliyati davomida tayyorlagan bir qator malakali sportchilar respublika va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqdalar.
Maktabda direktorlik faoliyati davomida ham sportchilarni qo‘llab-quvvatlagan holda nufuzli musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berishda jonbozlik ko‘rsatib kelgan. 2019-yil Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan Osiyo Chempionatida N.Dusanova, E.Voronina va R.Kurbanov oltin medallar, S.Radzivil va S.Xodjayev bronza medallarni qo‘lga kiritdilar. N.Sharipova, S.Erkinova, R.Xudoyarova va I.Markelov final bosqichida kuchlik o‘ntalikdan o‘rin oldilar.
Xizmat ko‘rsatgan sport ustasi unvonini qo‘lga kiritgan Andrey Abduvaliyev 2000-yilda sportchilik faoliyatini tugatgan. Bir necha yil mamlakat yengil atletika federatsiyasi raisi sifatida samarali mehnat qilgan. Hozirda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari va Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida ish olib bormoqda. Hozirgi kunda Andrey Abduvaliyev Markaziy Osiyo Assotsiatsiya Prezidenti sifatida tayinlandi. 2027-yil yakuniga qadar Osiyo Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida o‘z faoliyatini olib boradi.
“Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan, oliy toifali trener hisoblanadi.
Yuqoridagi natijalar A.Abduvaliyevning sport sohasidagi bilim va amaliy tajribasi naqadar yuksak ekaniga dalolat beradi. Uning tashabbuskorligi va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan ado etishi bilan mamlakatimiz sportini rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan fidoyilardan biridir. Andrey Abduvaliyev maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishda yuksak madaniyat egasi, chuqur tafakkurli va kamtarin, to‘g‘ri so‘z, mehribon va qatʼiyatli inson ekani bilan barchaning hurmati va mehrini qozondi.
Yillar davomida olib borilgan rahbarlik faoliyati uchun Andrey Abduvaliyevga minnatdorchilik bildiramiz va yurtimizda yengil atletika sportini rivojlantirish yo‘lida hamisha bir jamoa bo‘lib qolamiz, degan umiddamiz.







