YANGILIKLAR
Xabarlar
Yengil atletika olami motamda: Afrika sportining buyuk yetakchilaridan biri vafot etdiYengil atletika olami motamda: Afrika sportining buyuk yetakchilaridan biri vafot etdi
« BackJahon yengil atletika tashkiloti kengashi a’zosi Hamad Kalkaba Malbumning vafoti sport jamoatchiligini chuqur qayg‘uga soldi. U 13-may kuni 75 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
Hamad Kalkaba Malbum 2007-yildan buyon Jahon yengil atletika tashkiloti kengashi tarkibida faoliyat yuritib kelgan. Shu bilan birga, u yigirma yildan ortiq vaqt davomida Afrika yengil atletika Konfederatsiyasi prezidenti sifatida Afrika yengil atletikasining rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Bosh tashkilot prezidenti Sebastian Kou marhum haqida iliq fikrlarini bildirib, uni qariyb 20 yildan beri tanishini aytdi: “Men Hamad Kalkaba Malbumni ilk bor 2007-yilda Mombasada o‘tgan kross bo‘yicha Jahon chempionatida uchratganman.”
Sebastian Kou uning insoniy fazilatlari haqida ham alohida to‘xtaldi: “U doimo kamtar va hurmatli inson edi — oilaparvar, sportsevar, shuningdek, harbiy, tadbirkor va musiqachi ham edi. U imkoniyatlardan foydalangan holda qiyinchiliklarni yenga olgan inson edi.”
Kou so‘zlariga ko‘ra, Hamad Kalkaba Malbum nafaqat sport tashkilotchisi, balki o‘zini jamiyat xizmatiga bag‘ishlagan fidoyi inson bo‘lgan. U sport maydonida ham, harbiy xizmatda ham, musiqa va madaniyat sohasida ham birdek faol va mas’uliyatli edi.
“Qat’iyat, mehribonlik, mukammallik va uning sokin kuchi — men uni aynan shu fazilatlari bilan eslayman. Uni juda sog‘inamiz,” — dedi Sebastian Kou.
Kamerunlik sport arbobi 1950-yil 11-noyabrda Kamerunning Kavadji hududida tavallud topgan. Yoshligidan sport va musiqaga qiziqqan Hamad Kalkaba Malbum keyinchalik yengil atletika bilan jiddiy shug‘ullangan. U asosan 100 metr, 200 metr yugurish hamda uzunlikka sakrash yo‘nalishlarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, 1970–1974-yillarda 4x100 metr estafetada Kamerun milliy jamoasi safida qatnashgan.
Faol sportchilik faoliyatidan so‘ng u sport boshqaruviga kirib keldi va Kamerun sport tizimining rivojlanishida muhim rol o‘ynadi. 1976-yilda Kamerun Gandbol federatsiyasi prezidenti etib saylandi. Shu yili u Kamerun Mudofaa vazirligining Harbiy sport direktori lavozimida ham ish boshladi.
1989-yildan mamlakat yengil atletika federatsiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Hamad Kalkaba Malbum 1993–2001-yillar davomida ushbu tashkilot prezidenti bo‘lib xizmat qildi.
Uning vafoti Afrika va jahon atletikasi uchun katta yo‘qotish sifatida baholanmoqda.
O‘zJOKU talabasi Umidaxon Masaidova tayyorladi





