Таможенный комитет Узатлетикс
(+998 71) 241-13-65
email: FLAU@exat.uz uzb@mf.worldathletics.org
Проспект И. Каримова д.98 А
Citius, Altius, Fortius!
UZ
RU UZ EN
Bosh sahifa  YANGILIKLAR  Xabarlar

MAHALLIY YANGILIKLAR

Wanda "Brilliant Ligasi" 2027-yilgi mavsum taqvimi e'lon qilindi 13.10.2026 00:00

Kelasi yilning may oyida dunyo sportining yirik seriyali musobaqalaridan biri Brilliant ligada 18-mavsum boshlanadi. 

Yaqindagina e'lon qilingan 2027-yilning musobaqalar taqvimiga ko‘ra may-avgust oylarida dunyoning eng kuchli va tezkor atletlari Yer sharining 4 ta qit'asida 15 ta shaharda Wanda Brilliant Ligasi finalida Tsyurixdagi chempionlik unvoni uchun kurashda qatnashish uchun ochkolar jamg'arib boradi. 7-may kuni Doha mavsumni ochib bersa, 25-26-avgust kunlari esa yengil atletikaning 2027-yilgi brilliantlari aniqlanadi.

Hamyurtimiz Anvar Anvarov Brilliant Liga bosqichlarida ishtirok etib, tajribasini oshirib bormoqda. Allaqachon, bitta bosqichda birinchi o'rinni egallagan uzunlikka sakrovchimizdan mazkur yangi mavsumda yanada yuqori natija kutib qolamiz. Quyida 2027-yilgi jadval bilan tanishing:

2027 Wanda Brilliant Ligasi taqvimi:

7-may – Doha
15-may – Shanxay/Keqiao
22-may – Syamen
27-may – Rim
30-may – Rabot
3-iyun – Oslo
6-iyun – Stokgolm
25-iyun – Parij
3-iyul – Yujin
9-iyul – Monako
13-iyul – Lozanna
17-iyul – London
15-avgust – Sileziya
20-avgust – Bryussel
25-26-avgust  –  Tsyurix (WBL Finali)

 




1-oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni muborak! 01.10.2026 00:00

 Yengil atletika — bu nafaqat kuch va tezlik, balki ustozning ishonchi, murabbiyning sabri va mehnati bilan katta natijalarga olib boradigan yo‘ldir.

Bugun o‘z bilim va tajribasini yosh avlodga bag‘ishlab, har bir mashg‘ulotda yangi marralar sari ilhom berayotgan barcha ustoz va murabbiylarimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.

Sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli yangi chempionlar, rekordchilar va Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘taradigan sportchilar voyaga yetmoqda.

Aziz ustoz va murabbiylar!
Sizlarni bayram bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, kuch-g‘ayrat va shogirdlaringizning ulkan g‘alabalaridan bahramand bo‘lish baxtini tilaymiz!

Har bir marrada — sizning mehnatingiz, har bir g‘alabada — sizning hissangiz bor!

1-oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni muborak bo‘lsin!
 


Osiyo o‘yinlari chempionlari yurtimizga qaytdi! 01.10.2026 00:00

Aichi-Nagoyada o‘tkazilgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan yengil atletikachilarimizning navbatdagi guruhi Toshkentga yetib keldi.

photo_2026-10-02_15-59-56.jpg

Sportchilarimizni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari, murabbiylar, yaqinlari va muxlislar tantanali kutib oldi.

Suhrob Xodjayev va Barnoxon Sayfullayeva Aichi-Nagoyada o‘z dasturlarida Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston bayrog‘ini yana bir bor qit’a osmonida baland ko‘tardilar.

Yurtimizga xush kelibsiz, chempionlar!

Sizlarni ushbu tarixiy g‘alaba bilan muborakbod etamiz va kelgusi startlarda ham ulkan zafarlar tilaymiz!


XX Osiyo o‘yinlari sovrindorlari va ishtirokchilari tantanali kutib olindi 30.09.2026 00:00

Aichi-Nagoyada bo‘lib o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston yengil atletika terma jamoasi a’zolari yurtimizga qaytib keldi.

photo_2026-10-02_15-53-54.jpg

Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari, murabbiylar hamda atletlarning yaqinlari tantanali ravishda kutib olib, ularni muvaffaqiyatli ishtirok  va navbatdagi tarixiy natija bilan tabrikladi.
 

Musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan atletlarimiz jami 4 ta medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, Sharifa Davronova uch hatlab sakrash bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Anvar Anvarov uzunlikka sakrash dasturida o‘yinlar bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi mahoratli atletlarimiz, ularning murabbiylari va ota-onalarini ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklaydi hamda kelgusi musobaqalarda yanada yuksak natijalarga erishishlarini tilaydi.




Dastlabki "Ultimate Championship" yakunlariga oid muhim raqamlar 16.09.2026 00:00

13-sentyabr kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi Dyula Jivotzki Milliy yengil atletika markazi stadionida yakunlangan Jahon yengil atletika tashkilotining dastlabki "Ultimate Championship" chempionati uch kun davomida atletlar, muxlislar va media vakillari uchun juda yuqori darajadagi kurashlarni taqdim etdi. Jahon yulduzlari o‘rtasidagi bahslarni kuzatish uchun tashrif buyurgan muxlislar tomonidan barcha chiptalar sotib olindi va bu mutlaqo yangi musobaqa yengil atletika ixlosmadlarida yaxshi qabul qilinganini bildirdi.

Dunyoning yetakchi sportchilarini ixcham, ammo yuqori darajadagi raqobatga boy chempionat formatida bir maydonga jamlagan "Ultimate Championship" musobaqasida dastlabki 28 nafar "mutlaq" chempionlar nomi aniqlandi. Bahslar davomida muxlislarga unutilmas yakkama-yakka kurashlar va keskin raqobatga boy bellashuvlar taqdim etildi.

world_1.jpg

Chempionat, shuningdek, innovatsiyalar uchun platforma sifatida tashkil etilib, unda musobaqalarning yangi formatlari, zamonaviy texnologiyalar, tadbirlarni taqdim etish usullari hamda sportchilarning muxlislar bilan muloqot qilishining yangi shakllari sinovdan o‘tkazildi. Tomoshabinlar, sportchilar va teletranslyatsiya vakillaridan dastlabki bildirilgan fikr-mulohazalar yuqori darajada ijobiy bo‘ldi.

Uchala sessiyada ham chiptalar to‘liq sotildi — uch kun davomida o‘tkazilgan bahslarga jami 61 671 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
 

Ultimate Championship musobaqasida 65 ta a’zo federatsiyadan jami 352 nafar sportchi ishtirok etdi. Bahslarda Olimpiya chempionlari, jahon chempionlari, Wanda Diamond League chempionlari, jahon rekordchilari hamda mavsumning eng yuqori natijalarini qayd etgan sportchilar o‘zaro kuch sinashdi.

18 mamlakat vakillari Ultimate chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi: Jazoir, Botsvana, Braziliya, Dominikan Respublikasi, Efiopiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, Gretsiya, Italiya, Yaponiya, Norvegiya, Polsha, Senegal, Shri-Lanka, Shvetsiya, Shveysariya, Ukraina va Amerika Qo‘shma Shtatlari.




Ultimate Championship oldidan "World Athletics" yangi rasmiy ilovasini ishga tushirdi 09.09.2026 00:00

World Athletics yengil atletika musobaqalarini tomosha qilish va bir vaqtning o‘zida jonli natijalar, sportchilar statistikasi, rekordlar, bahslar va eksklyuziv kontent — barchasini bir joyda birlashtiruvchi ilovani taqdim etdi. Mazkur ilova quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

Jonli natijalar — har bir yugurish, sakrash va uloqtirishdagi o‘zgarishlarni real vaqt rejimida kuzatish.

ultimate_championship_world_athletics_official_app_launched.jpg

Shaxsiylashtirilgan kontent — o‘zingizga yoqqan sportchilar, mamlakatlar va yengil atletika yo‘nalishlarini tanlab, faqat kerakli ma’lumotlarni kuzatish.

O‘yin Hududi (Play Zone) — viktorinalarda qatnashish, so‘rovnomalarda ovoz berish va Play Predictor orqali musobaqa natijalarini oldindan taxmin qilish.

Sovrinlar — sportchilar imzolagan buyumlar, rasmiy World Athletics mahsulotlari va turli xalqaro tadbirlarga taklifnomalarni yutib olish imkoniyati.

Bundan tashqari, yangiliklar, sportchilar haqidagi hikoyalar va eksklyuziv musobaqa jarayonlariga oid materiallar ham ilovada jamlangan.




Ibrohim Maxkamov Italiyada 4-o‘rinni egalladi 09.09.2026 00:00

Kecha Italiyaning Rovereto shahrida "Worldathletics Continental Tour Silver" kategoriyali "62-Palio Città della Quercia" xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan yurtimiz vakili Ibrohim Maxkamov erkaklar o‘rtasida uch hatlab sakrash bahslarida kuchli to‘rtlikda musobaqani yakunladi. O‘zbekistonlik sakrovchi uchinchi urinishda 16,36 metr natijani qayd etdi va bu ko‘rsatkich musobaqa oxiriga qadar eng yaxshi urinish sifatida saqlanib qoldi.

                                                              IBROHIM MAXKAMOV                    
                           1-urinish    2-urinish    3-urinish    4-urinish    5-urinish    6-urinish
                                ❌          15,71 m    16,36 m      15,89 m         ❌         15,26 m
                                                                   (-0.2)    

Musobaqada g‘oliblikni kutilganidek, jazoirlik atlet Yassir Muhammad Triki egalladi. Ikkinchi urinishda 17,15 metrlik natija bilan peshqadamlikni qo‘lga olgan Triki beshinchi urinishda o‘z natijasini yanada yaxshiladi — 17,30 metr. Afrikalik sportchi 17,30 metr ko‘rsatkich bilan musobaqa rekordini ham yangiladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar mezbonlarga nasib etdi. Endi Ernandes Dias 17,0 metr va Andrea Dallavalle 16,44 metr bilan sovrindorlar qatoridan joy oldilar.

Mazkur musobaqadagi chiqish Ibrohim Maxkamov uchun qit'amizning har to‘rt yillikdagi eng nufuzli musobaqasi Osiyo o‘yinlari oldidan tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.




Ibrohim Maxkamov Italiyada xalqaro turnirda ishtirok etadi 08.09.2026 00:00

Ibrohim Maxkamov bugun Italiyaning Rovereto shahrida "Worldathletics Continental Tour Silver" doirasidagi 62-marta o‘tkazilayotgan "Palio Città della Quercia" xalqaro turnirida ishtirok etadi.

photo_2026-09-08_16-09-08.jpg

Joriy 2026-yilda erkaklar o‘rtasida uch hatlab sakrash yo‘nalishida bir qator yuqori natijalar, jumladan birinchi Osiyo sakrash turlari Chempionati va 23 yoshgacha atletlar o‘rtasida Osiyo Chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritgan vakilimiz mamlakat birinchiligida o‘z shaxsiy rekordini 16,49 metrga yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.

Mazkur xalqaro turnirda uch hatlab sakrash bo‘yicha musobaqa rekordi Buyuk Britaniya sakrovchisi Jonatan Edvards tomonidan o‘rnatilgan — 17,27 metr.

Ibrohim Maxkamovdan ushbu turnirda yuqori natija kutib qolamiz.




6-sentabr kuni Toshkentda Tashkent International Half Marathon – 2026 bo‘lib o‘tadi 27.08.2026 00:00

6-sentabr kuni Toshkentda Tashkent International Half Marathon – 2026 — poytaxtning markaziy ko‘chalarida ishtirokchilarni birlashtiradigan katta sport bayrami bo‘lib o‘tadi.

🏁 Masofalar:

• 21,0975 km — yarim marafon
• 5 km — ommaviy yugurish

🎽 Start paketi:

• Start raqami
• Elektron chip
• Rasmiy futbolka
• Finisher medali
• Trassada suv va oziq-ovqat
• Elektron sertifikat va natija

💵 Ishtirok etish narxi: 300 000 so‘m

🔥 5 km masofaga maxsus aksiya!

Atigi 10 000 so‘mga ro‘yxatdan o‘ting, startga chiqing, masofani bosib o‘ting va finishda 100 000 so‘mingizni qaytarib oling!

📆 Dastur

5-sentabr
📍 Tashkent City Park
10:00–20:00 — start paketlarini berish

6-sentabr
📍 Tashkent City Park
05:00 — start shaharchasining ochilishi
06:00 — 5 km masofaga start
06:30 — 21,0975 km masofaga start
10:00 — taqdirlash marosimi

🏆 Sovrin jamg‘armasi

21 km:
🥇 15 mln so‘m
🥈 12 mln so‘m
🥉 10 mln so‘m
4-o‘rin — 6 mln so‘m
5-o‘rin — 4 mln so‘m
6-o‘rin — 3 mln so‘m
Erkaklar va ayollar alohida taqdirlanadi.

5 km:
🥇 3 mln so‘m
🥈 2 mln so‘m
🥉 1 mln so‘m
Erkaklar va ayollar alohida taqdirlanadi.

🎉 Muxlislar uchun kirish bepul!

➡️ Ro‘yxatdan o‘tish: ProRun.uz yoki @prorunuzbot


Sergeli tumanidagi umumta’lim maktabi o’quvchilari o’rtasida “Bojxona qo’mitasi raisi kubogi” musobaqasi o‘tkazildi 27.06.2026 00:00

Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 25 ta umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha “Bojxona qo‘mitasi raisi kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda jami 300 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Har haftaning payshanbasida rahbarlar va yoshlar ishtirokida turli uchrashuvlar hamda tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 25 ta umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha “Bojxona qo‘mitasi raisi kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda jami 300 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

photo_2026-04-30_16-47-55.jpg

Tadbir ochilishida Bojxona qo‘mitasi rais o‘rinbosari Otabek Choriyev so‘zga chiqib, joriy yilning 7-aprel kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektorida jismoniy tarbiya va sport sohasida belgilangan ustuvor vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, musobaqa “Mahalla – maktab – sport maktabi – federatsiya” zanjiri asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularni sport ta’lim muassasalariga jalb qilish va milliy terma jamоaga tayyorlashdan iborat.

Musobaqalar yengil atletikaning bir qator yo‘nalishlarida qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tdi. Ishtirokchilar 60, 100, 200 va 400 metr masofalarga yugurish bo‘yicha o‘z jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Shuningdek, uzunlikka sakrash bellashuvlarida ham sportchilar o‘z texnik mahoratlarini namoyon etib, yuqori o‘rinlar uchun kurash olib bordilar.

photo_2026-04-30_16-48-03.jpg

Musobaqa taqdirlash marosimi oldidan Bojxona qo‘mitasi raisi, Yengil atletika federatsiyasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan sportni rivojlantirishni aynan mahalla va maktabdan boshlash zarurligi alohida ta’kidlab kelinayotganini qayd etdi. Ushbu musobaqa ana shu ustuvor vazifalarning amaliy ifodasi ekanini ta’kidlab, ayniqsa maktab yoshidagi bolalar orasida iqtidorlarni aniqlash va ularni to‘g‘ri yo‘naltirish orqali yuqori natijalarga erishish mumkinligini hayotning o‘zi isbotlayotganini aytdi.
Shu o‘rinda u bor-yo‘g‘i ikki yil avval maktab o‘quvchisi bo‘lgan Jonbibi Hukmovani misol keltirdi. U “Besh tashabbus” loyihasi doirasida o‘tkazilgan 400 metrga yugurish musobaqasida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Tinimsiz mehnati va yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar samarasida bugungi kunda u Osiyo chempionatining ikki karra g‘olibi va sovrindoriga aylandi.

photo_2026-04-30_16-48-19.jpg

Musobaqada g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Jamoaviy hisobda birinchi o‘rinni egallagan 47-maktabga esa Bojxona qo’mitasi "Rais kubogi” tantanali ravishda topshirildi.​​ Tabdirda harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari, xonandalar ijrosida yangragan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga o‘ziga xos kayfiyat bag‘ishladi.

photo_2026-04-30_16-48-14.jpg ​​​​​​​


25—27-iyun kunlari kattalar o‘rtasida O‘zbekiston Chempionati o‘tkaziladi 23.06.2026 00:00

img_7803.jpg

25—iyun kuni 2026-yilgi kattalar o‘rtasida O‘zbekiston Chempionati start oladi. Dasturga muvofiq ayollar va erkaklar o‘rtasida yengil atletika turlari bo‘yicha musobaqalar uch kun davomida bo‘lib o‘tadi.

Mamlakatimizning eng sara atletlari yengil atletika yo‘nalishlari bo‘yicha bahslarga kirishadi. Kuch, g‘ayrat, chidamlilik va iroda sinovdan o‘tadi.

Musobaqa: Kattalar o‘rtasida O‘zbekiston Chempionati

Sana: 25—27-IYUN 2026

Turlar: 47 ta

O‘tkazilish joyi: Yengil atletika federatsiyasi stadioni

Sprint: 100m, 200m, 400m
O‘rta masofa: 800m, 1500m
Uzoq masofa: 3000m, 5000m, 10000m
G‘ovlar osha: 100m/110m g‘ovlar osha, 400m g‘ovlar osha
To‘siqlar osha: 3000m to‘siqlar osha
Estafeta: 4x100m, 4x400m, 4x400m aralash
Uloqtirish: bosqon uloqtirish, disk uloqtirish, nayza uloqtirish, yadro itqitish
Sakrash: uzunlikka sakrash, uch hatlab sakrash, balandlikka sakrash, langarcho‘p bilan sakrash
Sportcha yurish: 10000m sportcha yurish
Ko‘pkurash: o‘nkurash/yettikurash

Kattalar o‘rtasida O‘zbekiston Chempionati-2026 Sahifasi

Страница чемпионата Узбекистана среди взрослых – 2026
 


Shanxay revanshlari Syamenda olinadi: yulduzlar yana to‘qnash keladi 22.05.2026 00:00

Bir hafta oldin Shanxayda rekordlarga boy bahslar yengil atletika muxlislariga unutilmas lahzalarni taqdim etgan edi. Endi esa o‘sha sportchilarning ko‘pchiligi yana bir bor o‘zaro kuch sinashish uchun Syamenda jam bo‘lmoqda. Shanba kuni (23-may) Wanda Brilliant Ligasi navbatdagi bosqichi aynan Syamenda bo‘lib o‘tadi va unda bir nechta katta revanshlar e’tibor markazida bo‘ladi.

de.jpg

Eng katta qiziqishlardan biri erkaklar o‘rtasidagi 400 metr to‘siqlar bahsiga qaratilgan. Uch karra jahon chempioni va jahon rekordchisi Karsten Varholm yana 2022-yilgi jahon chempioni Alison dos Santos bilan to‘qnash keladi. O‘tgan hafta Shanxayda braziliyalik sportchi 300 metr to‘siqlar bahsida Varholmni ortda qoldirib, g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Bu esa Dos Santosning so‘nggi o‘zaro bellashuvlarda ustunligini davom ettirganini ko‘rsatdi. U nafaqat Shanxayda, balki oxirgi ikki marta 400 metr to‘siqlar poygasida ham norvegiyalik raqibidan oldinda marraga yetib kelgan.

Ayollar o‘rtasidagi 100 metr to‘siqlar bahsi ham juda qiziqarli va keskin bo‘lishi kutilmoqda. Olimpiya chempioni Masai Rassel Shanxayda rekord natija — 12.25 soniya bilan g‘olib bo‘lib, mavsumning eng yaxshi natijasini qayd etgan edi. Endi u yana jahonning kuchli g‘ov oshuvchilariga qarshi yuguradi. Start chizig‘ida jahon chempioni Ditaji Kambundji, jahon rekordchisi Tobi Amusan, uch karra yopiq inshootlar jahon chempioni Devinn Charlton va ikki karra jahon chempioni Daniell Uilyams ham saf tortadi.

Sprint bahslarida ham keskin raqobat kutilmoqda. Ayollar 200 metr masofasida ikki karra jahon chempioni Sherika Jekson yana bir bor ikki karra Olimpiada chempioni Shona Miller-Uybo va 2023 yilgi jahon chempioni Sha’Karri Richardson bilan bahslashadi. Shanxayda Jekson 22.07 soniya natija bilan g‘olib chiqqan bo‘lsa, Miller-Uybo ikkinchi, Richardson esa to‘rtinchi bo‘lgandi.

Erkaklar 100 metr bahsi esa haqiqiy revansh poygasiga aylanishi mumkin. Shanxaydagi ilk sakkizlikning barchasi yana startga chiqadi. Janubiy Afrika vakili Gift Leotlela Shanxayda 9.97 soniya bilan g‘alaba qozongan edi. Keniyalik Ferdinand Omanyala va amerikalik Kenni Bednarek esa undan atigi soniyaning yuzdan bir qismiga ortda qolishgandi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi 3000 metr to‘siqlar osha yugurish bahsi ham e’tibor markazida bo‘ladi. Shanxayda Olimpiya chempioni Perut Chemutai jahon chempioni Feyt Cherotichni atigi 0.01 soniya farq bilan mag‘lub etgandi. Endi bu ikki sportchi yana bir bor kuch sinashadi va ularga mavsumdagi ilk startini o‘tkazadigan Olimpiya chempioni Uinfred Yavi ham qo‘shiladi.

Syamendagi yana bir katta voqea — jahon rekordchisi Rayan Kruzerning Brilliant Ligaga qaytishi bo‘ladi. Amerikalik yadro uloqtiruvchi 2024-yil sentyabridan buyon ilk bor ushbu turnirda qatnashadi. U jahon yetakchisi Leonardo Fabri va boshqa kuchli raqiblarga qarshi bahs olib boradi.

Uzunlikka sakrash bahsida esa jahon chempioni Mattiya Furlani va Olimpiya chempioni Miltiadis Tentoglu o‘rtasidagi duel muxlislarning diqqat markazida bo‘ladi. Furlani Shanxayda 8.43 metr natija bilan g‘alaba qozongan edi va Syamenda ham favoritlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Umuman olganda, Syamendagi Brilliant Liga bosqichi Shanxaydagi bahslarning davomi sifatida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bir hafta oldingi keskin duel va rekordlardan keyin muxlislarni yana bir bor yulduz sportchilar o‘rtasidagi shiddatli revanshlar kutmoqda.

O‘zJOKU talabasi Shaydullayeva Dinora tayyorladi




400 metr short-trek jahon rekordchisi 800 metrda debyut qiladi 20.05.2026 00:00

Ikki karra jahon chempioni Femke Broders-Bol 16-iyun kuni Ostravada bo‘lib o‘tadigan “Golden Spike” musobaqasida faoliyatidagi ilk ochiq maydon 800 metr yugurishida ishtirok etadi. Bellashuv World Athletics Continental Tour Gold seriyasi doirasida tashkil qilinadi.

stockholm_magic_always_love_racing_here_so_happy_to_come_home_with_the_win_in_a_new_meet_rec.jpg

Niderlandiyalik sportchi o‘tgan yili Ostravadagi 400 metr bahsida 49.98 natija bilan uchinchi bo‘lgandi. Shundan so‘ng u Tokioda 400 metr to‘siqlar bo‘yicha jahon chempionligini saqlab qoldi. Bu mavsumda esa Broders-Bol 800 metrga e’tibor qaratib, yopiq inshootdagi musobaqalarda 1:59.07 natija qayd etdi. Ostravadagi start uning yangi masofadagi ilk ochiq stadiondagi bahsi bo‘ladi.

Yopiq inshootlar bo‘yicha 60 metr jahon chempioni Jordan Entoni erkaklar o‘rtasidagi 100 metr yugurishda amerikalik Ronni Beykerga qarshi bahs olib boradi. Entoni yaqinda Floridada 9.91 natija ko‘rsatgan va keyinchalik Tokiodagi Continental Tour Gold bosqichida 200 metrda g‘olib chiqqan. Beykerning shaxsiy rekordi esa 9.83 hisoblanadi.

Ostravadagi turnirda yana bir qator mashhur atletlar ham qatnashadi. Ular orasida, qisqa masofalar bo‘yicha yulduz Noa Layls 150 metr masofada yosh iste’dod Gout Gout bilan kuch sinashadi. Shuningdek, 100 metr g‘ovlar osha yugurish yo‘nalishida Tobi Amusan, Devinn Charlton va Nadin Visser, langarcho‘p bilan sakrash ustalari Emmanuil Karalis hamda Keti Mun, balandlikka sakrash bo‘yicha Olimpiada va jahon chempionati oltin medal sohibi Janmarko Tamberi ham musobaqada ishtirok etadi. Bundan tashqari, 1000 metr masofaga yugurishda yaxshi natija kutiladigan  Josh Houi va Yevropa chempionati kumush medal sovrindori Muhammad Attaui, nayza uloqtirishda esa Anderson Piters hamda Adriana Vilagosh ham qatnashuvchilar orasidan joy olgan.

O‘zJOKU talabasi Masaidova Umidaxon tayyorladi




Tokio Gran-prisida rekordlar yomg‘iri, Noa Layls mavsumni g‘alaba bilan boshladi 19.05.2026 00:00

Tokiodagi Milliy stadionda o‘tgan Seiko Golden Grand Prix musobaqasi yengil atletika muxlislariga yorqin bahslar va rekord natijalarni taqdim etdi. Jahon va Olimpiada chempionlari — Noa Layls, Jordan Entoni hamda Ray Benjamin o‘z yo‘nalishlarida g‘alaba qozonishdi.

layles.jpg

Laylsdan mavsumoldi kuchli start. AQShlik sprint yulduzi Noa Layls yilning ilk 100 metr poygasida qatnashib, finalda 9.95 soniya natija bilan g‘olib chiqdi. U saralash bosqichida qarshi shamol ostida 10.05 ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa, finalda natijasini sezilarli yaxshiladi. 

“Poygadan ham, natijadan ham mamnunman. Mavsumni boshlash uchun bu ajoyib usul bo‘ldi. Bu mening eng tez startim emas, ammo mavsum ochilishidagi eng yaxshi natijalarimdan biri bo‘ldi.” — dedi Lyles.

18 yoshli amerikalik Teyt Teylor 10.04 bilan ikkinchi, britaniyalik yosh sprinter Jeyj Odey-Jordan esa 10.09 bilan uchinchi bo‘ldi.

Entoni va Benjamin ham chetda qolmadi. Laylsning vatandoshlari Jordan Entoni va Ray Benjamin ham Tokio trekida g‘alabaga erishdi. Entoni 200 metr masofada kuchli finish evaziga 20.05 soniya natija bilan birinchi bo‘ldi. Musobaqa boshida oldinga chiqib olgan Kaurtni Lindsi 20.28 natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

400 metr masofada esa keskin kurash kuzatildi. To‘g‘ri chiziqqa chiqilganda bir nechta atlet g‘alaba uchun kurashayotgan edi, biroq Ray Benjamin tajribasini namoyish etib, 44.69 soniya bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Zambiyalik Olimpiada bronza medali sovrindori Muzala Samukonga 44.83 bilan ikkinchi bo‘ldi.

“Bu yilgi ilk startim edi. Texnik jihatdan yaxshiroq yugurishim mumkin edi, ammo g‘alaba bilan boshlaganimdan xursandman,” — dedi Benjamin o‘z  natijasi borasida.

Ayollar bahsida rekord natijalar. Buyuk britaniyalik sprinter Yemi Meri Jon ayollar o‘rtasidagi 400 metr bahsida barchani hayratda qoldirdi. U 49.85 soniya natija bilan nafaqat g‘alaba qozondi, balki musobaqa rekordini ham yangiladi va ilk bor 50 soniyadan tez yugurdi. AQShlik Beyli Liar 50.42 natija bilan ikkinchi bo‘ldi.

Ayollar 3000 metr masofasida esa Keniyada tug‘ilgan, Yaponiyada faoliyat olib borayotgan Janet Jepkoech oxirgi kilometrda tezligini oshirib, 8:39.24 natija bilan g‘alabani qo‘lga kiritdi va musobaqa rekordini yangiladi.

Yaponiyalik atletlardan tarixiy natijalar. Erkaklar 3000 metr bahsida mezbon Yaponiya atletlari tarixiy natija qayd etdi. Nagiya Mori 7:38.98 natija bilan mamlakat rekordini yangiladi. Uning ortidan Ryuto Igava (7:39.36) va Yu Shibata (7:39.51) ham rekorddan tez yugurishga muvaffaq bo‘ldi.

110 metr to‘siqlar osha yugurishda yaponiyalik Tatsuki Abe 13.26 natija bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa, ayollar 100 metr to‘siqlar osha yugurishida amerikalik Alia Armstrong 12.75 bilan birinchi bo‘ldi.

Nayza uloqtirish va sakrash bahslari. Ayollar nayza uloqtirish musobaqasida bahamalik Rema Otabor 61.57 metr natija bilan mezbonlarni ortda qoldirdi. Yaponiyalik Momone Ueda 61.40 bilan ikkinchi bo‘ldi.

Erkaklar bahsida esa chexiyalik Yakub Vadley mavsumni 85.24 metr natija bilan g‘alaba qozonib boshladi.

Uzunlikka sakrashda Yuki Hashioka 8.22 metr bilan birinchi bo‘ldi. Balandlikka sakrashda esa Sou Shibuya 2.24 metr natija va shaxsiy rekord bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zJOKU talabasi Shaydullayeva Dinora tayyorladi




Gout Gout va Noa Layls birgalikda mashg‘ulot olib bordi 17.05.2026 00:00

16 iyundagi katta to‘qnashuv oldidan yosh sprinter Gout Gout va Noa Laylsning blok-start mashg‘ulotlari tasvirlari virusdek yoyilmoqda. 

gout-gout

Gout Gout va Noa Layls o‘rtasida olingan blok-start mashg‘ulotlari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘lib, juda qisqa vaqt ichida virus kabi tarqaldi. Internetda tarqalgan kadrlar Qo‘shma shtatlarda olingan bo‘lib, unda ikki sprinter birga blok-start mashqlarini bajarayotgani aniq ko‘rinadi. Video tez sur’atlarda Twitter (X), Instagram va boshqa platformalarda tarqalib, minglab sharhlar va muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bu tasvirlar aynan ularning 16-iyun kuni Chexiyaning Ostrava shahrida bo‘lib o‘tadigan World Athletics Continental Tour doirasidagi Gold kategoriyali musobaqada birinchi marta yuzma-yuz chiqishidan oldin paydo bo‘ldi. Musobaqada 150 metrga yugurish bahsi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ikki sprinter uchun ilk rasmiy to‘qnashuv bo‘ladi.


Mashg‘ulot videosiga muxlislarning reaksiyasi. Videoni diqqat bilan tahlil qilgan muxlislar Noa Layls startda ancha kuchliroq va tezroq chiqqanini, Gout Gout esa masofa oshgani sari sezilarli darajada tezlashib borishini qayd etishdi. Ko‘pchilik bu farqni ikki sportchining yugurish uslubi va tajribasi farqi bilan bog‘ladi. Ayrim foydalanuvchilar Goutning hali blok-start texnikasi ustida ko‘proq ishlashi kerakligini ta’kidlasa, boshqalar uning yoshligiga qaramay katta potensialini olqishlamoqda.

Natijada muxlislar ikki guruhga bo‘linib ketdi. Bir guruh Laylsning tajribasi, startdagi kuchi va professional barqarorligini ustun qo‘ymoqda. Ikkinchi guruh esa Gout Goutni kelajakda undan ham tezroq bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda. Yana ba’zilar bu yangi raqobatni Usain Bolt davridagi sprint musobaqalarini yana jonlantirishi mumkinligini aytishmoqda.

Gout Gout — yangi avlod fenomeni. 18 yoshli avstraliyalik Gout Gout hozirda yengil atletikada eng yorqin yosh sprinterlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. U 200 metr masofada juda yuqori natijalar ko‘rsatib, Avstraliya rekordlariga yaqinlashgan. Uning yugurish uslubi, kuchli tezlanishi va finishga yaqin saqlanadigan kuchi ko‘pincha yoshligidagi Usain Bolt bilan solishtiriladi. 2022-yildan boshlab turli milliy musobaqalarda rekordlarni yangilab kelayotgan Gout 2025-yilda Tokio shahrida o‘tgan jahon chempionatida ham eng yosh ishtirokchilardan biri bo‘lgan edi.

Noa Layls — tajriba va kuch. Noa Layls esa hozirgi vaqtda 100 metr va 200 metr sprint yo‘nalishlarida dunyoning eng kuchli sportchilaridan biri hisoblanadi. U Parij-2024 Olimpiadasida 100 metr bo‘yicha oltin medal sohibi bo‘lgan va 200 metrda ham bir nechta Olimpiya medallariga ega. Layls o‘zining kuchli starti, poygani to‘g‘ri boshqarish texnikasi va finishdagi yuqori tezligi bilan ajralib turadi.

Yosh sprinterlar haqida gapirar ekan, Layls iste’dodning o‘zi yetarli emasligini, professional darajada muvaffaqiyat uchun intizom, to‘g‘ri jamoa, ruhiy va psixologik tayyorgarlik hamda sport bilan birga biznes tomonlarini ham yaxshi tushunish zarurligini doimiy ta’kidlab keladi. “Ko‘plab iqtidorli sportchilar yuqori darajaga chiqa olmadi. Muhimi — qanday yo‘l tanlashingiz va yoningizdagi odamlar,” — degan u. Bundan tashqari, Layls yengil atletikada kuchli raqobatchilar yetishmasligini ham tanqid qilib, muxlislarni jalb qilish uchun qattiq raqobat zarurligini aytgan.

16-iyundagi katta poyga. Ostravada bo‘lib o‘tadigan 150 metr bahsi oddiy musobaqa bo‘lmaydi. Bu — hozirgi sprint qiroli Noa Layls va kelajakning eng yorqin iste’dodlaridan biri Gout Gout o‘rtasidagi ilk katta duel bo‘ladi. Butun sport jamoatchiligi bu poygani katta qiziqish bilan kutmoqda. Asosiy savol esa bitta: tajriba va tajriba g‘alaba qiladimi yoki yosh va ochko‘z iste’dod butun dunyoni hayratda qoldiradimi?

O‘zJOKU talabasi Shaydullayeva Dinora tayyorladi




Yengil atletika olami motamda: Afrika sportining buyuk yetakchilaridan biri vafot etdi 14.05.2026 00:00

Jahon yengil atletika tashkiloti kengashi a’zosi Hamad Kalkaba Malbumning vafoti sport jamoatchiligini chuqur qayg‘uga soldi. U 13-may kuni 75 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

malboum.jpg


Hamad Kalkaba Malbum 2007-yildan buyon Jahon yengil atletika tashkiloti kengashi tarkibida faoliyat yuritib kelgan. Shu bilan birga, u yigirma yildan ortiq vaqt davomida Afrika yengil atletika Konfederatsiyasi prezidenti sifatida Afrika yengil atletikasining rivojiga katta hissa qo‘shdi.

Bosh tashkilot prezidenti Sebastian Kou marhum haqida iliq fikrlarini bildirib, uni qariyb 20 yildan beri tanishini aytdi: “Men Hamad Kalkaba Malbumni ilk bor 2007-yilda Mombasada o‘tgan kross bo‘yicha Jahon chempionatida uchratganman.”

Sebastian Kou uning insoniy fazilatlari haqida ham alohida to‘xtaldi: “U doimo kamtar va hurmatli inson edi — oilaparvar, sportsevar, shuningdek, harbiy, tadbirkor va musiqachi ham edi. U imkoniyatlardan foydalangan holda qiyinchiliklarni yenga olgan inson edi.”
Kou so‘zlariga ko‘ra, Hamad Kalkaba Malbum nafaqat sport tashkilotchisi, balki o‘zini jamiyat xizmatiga bag‘ishlagan fidoyi inson bo‘lgan. U sport maydonida ham, harbiy xizmatda ham, musiqa va madaniyat sohasida ham birdek faol va mas’uliyatli edi.
“Qat’iyat, mehribonlik, mukammallik va uning sokin kuchi — men uni aynan shu fazilatlari bilan eslayman. Uni juda sog‘inamiz,” — dedi Sebastian Kou.

Kamerunlik sport arbobi 1950-yil 11-noyabrda Kamerunning Kavadji hududida tavallud topgan. Yoshligidan sport va musiqaga qiziqqan Hamad Kalkaba Malbum keyinchalik yengil atletika bilan jiddiy shug‘ullangan. U asosan 100 metr, 200 metr yugurish hamda uzunlikka sakrash yo‘nalishlarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, 1970–1974-yillarda 4x100 metr estafetada Kamerun milliy jamoasi safida qatnashgan.
Faol sportchilik faoliyatidan so‘ng u sport boshqaruviga kirib keldi va Kamerun sport tizimining rivojlanishida muhim rol o‘ynadi. 1976-yilda Kamerun Gandbol federatsiyasi prezidenti etib saylandi. Shu yili u Kamerun Mudofaa vazirligining Harbiy sport direktori lavozimida ham ish boshladi.
1989-yildan mamlakat yengil atletika federatsiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Hamad Kalkaba Malbum 1993–2001-yillar davomida ushbu tashkilot prezidenti bo‘lib xizmat qildi.

Uning vafoti Afrika va jahon atletikasi uchun katta yo‘qotish sifatida baholanmoqda.


O‘zJOKU talabasi Umidaxon Masaidova tayyorladi




Oregon-2026 oldidan shov-shuv: Avstraliya tarixdagi eng katta U-20 jamoasini tuzdi 14.05.2026 00:00

U-20 Jahon chempionati kumush medal sohiblari Gout Gout va Izobel Luison-Rou 5—9-avgustda bo‘lib o‘tadigan Oregon-2026 20 yoshgacha atletlar jahon chempionatida Avstraliyaning jamoasi nomidan qatnashadi.

75 nafar sportchi tanlangani sababli, bu jamoa Avstraliyaning global U20 musobaqalari tarixidagi eng katta tarkibiga aylanishi kutilmoqda.

Gout 2024-yilda Limada 200 metr yugurishda kumush medalni qo‘lga kiritgan va keyinchalik ushbu yo‘nalishda U-20 jahon rekordini ham yangilagan edi. U aprel oyida Sidneyda 19.67 natija qayd etgan.
Ayniqsa, 18 yoshli sportchi Oregonda 200 metr va 4x400metr estafeta bahslarida qatnashib o‘zini ko‘rsatishi kutilmoqda.

gout_gout.jpg

Gout bu borada shunday dedi: “Yujin shahrida, Oregonda o‘tadigan U-20 Jahon Chempionatiga borayotganimdan juda hayajondaman. Bu juda zo‘r stadion va tez yugurish uchun ajoyib joy ekanini bilaman. Men tayyor bo‘lishimga va Avstraliyani faxrlantirishga ishonaman. 200 metr sprintda qatnashaman, lekin so‘nggi kuni 4x400 metr estafetada ham yugurishdan xursandman”.

Luison-Rou ham Limadagi balandlikka sakrash bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 18 yoshli sportchi yanvar oyida shaxsiy rekord sifatida 1.95 metr natija qayd etgan va mart oyida ham shu ko‘rsatkichni takrorlagan. U balandlikka va uch hatlab sakrash musobaqalarida qatnashish uchun ro‘yxatga olingan bo‘lib, qaysi yo‘nalishlarda ishtirok etishini startlistlar e'lon qilinganida bilib olamiz.

Meyson Makgroder Limada uzunlikka sakrash bo‘yicha bronza medalni qo‘lga kiritgan va 17 yoshli sportchi yana xalqaro sahnaga qaytishga yaqin turibdi. 

Ayzek Bikroft ham jamoaning medallar qo‘lga kiritishda ko‘zga ko‘ringan atletlaridan biridir. 18 yoshli sportchi 2024-yilda Antalyada o‘tgan sportcha yurish bo‘yicha jamoaviy Jahon chempionatda U-20 10 km masofasida g‘olib bo‘lgan va joriy yilda Braziliyada o‘tgan musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi. U ikki yil avval Limadagi Jahon U-20 chempionatida 10 ming metr sportcha yurish musobaqasida to‘rtinchi bo‘lgan edi. U Oregonda 5000 metr sportcha yurish musobaqasida ishtirok etadi.

O‘zJOKU talabasi Umidaxon Masaidova tayyorladi




Estafeta bo‘yicha Jahon Chempionatida jahon rekordi yangilandi (+BARCHA SOVRINDORLAR) 04.05.2026 00:00

2—3-may kunlari Botsvana poytaxti Gaboroneda yengil atletikaning estafeta yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon Chempionati bo‘lib o‘tdi. Muxlislar yana bir bor azaliy raqiblarning ayovsiz kurashlariga guvoh bo‘ldilar. Estafeta musobaqalarining tomoshabopligi ham shunda. Musobaqa yakunlariga oid eng muhim ma'lumotlarni sizga taqdim etamiz.

12234.jpg

Ikki kunlik musobaqa dasturining birinchi kunida erkaklar va ayollar o‘rtasida 4x100m va 4x400m, shuningdek aralash esfetada ham xuddi shunday masofalarda birinchi Saralash bosqichi o‘tkazildi va har bir musobaqada eng yaxshi 8 ta natija egalari final bosqichiga yo‘l oldi. 4x100m aralash estafetada Yamayka atletlari jamoasi 39.99 soniya natija bilan Jahon Rekordini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur shonli jamoa tarkibida Akim Bleyk, Tina Kleyton, Kadrian Goldson va Tia Kleytonlar bor edi. Qolgan jamoalar esa kelasi yili Pekin mezbonligida o‘tadigan Jahon Chempionatining har bir turda qolgan 4 tadan yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi.

Shunday qilib hali final bahslarida g‘oliblar kuch sinashishi avvalidan har bir tur bo‘yicha quyidagi federatsiyalar jamoalari Pekin—2027'ga boradigan bo‘ldi:

4x100m erkaklar: Kanada, Germaniya, JAR, AQSh, Avstraliya, Botsvana, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Gana, Yamayka va Belgiya. 

4x100m ayollar: Buyuk Britaniya, Norvegiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Germaniya, Irlandiya, Fransiya, Polsha va Avstraliya.

4x400m erkaklar: Avstraliya, Botsvana, JAR, Niderlandiya, Portugaliya, Zimbavbe, Qatar, Belgiya, Yaponiya, Braziliya, Senegal va Ispaniya.

4x400m ayollar: Buyuk Britaniya, Norvegiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Germaniya, Irlandiya, Fransiya, Polsha va Avstraliya.

4x100m aralash: Yamayka, Kanada, Germaniya, Niderlandiya, Nigeriya, AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Portugaliya, Avstraliya va Shveytsariya.

4x400m aralash: Buyuk Britaniya, AQSh, Keniya, Ispaniya, Avstraliya, Italiya, Yamayka, Polsha, Kanada, JAR, Belgiya va Nigeriya.


Shundan so‘ng ikkinchi kungi dasturning ikkinchi qismida barcha turlarda final bahslari o‘tkazildi hamda g‘oliblar g‘alabani tantana qildilar.

Erkaklar o‘rtasida 4x100m estafeta musobaqasida Qo‘shma Shtatlar jamoasiga teng keladigani topilmadi. Ronni Beykr, Maks Tomas, Lans Leng va Pyai Ostin jamoasi 37.43 soniyada marra chizig‘iga yetib keldi hamda oltin medallarga ega chiqdi. Qolaversa, jamoa mazkur natija bilan joriy yilda yetakchiga aylanib oldi. Kuchli uchlikning natijalar quyidagicha tus oldi:

1.  AQSh — 37.43   2. JAR — 37.49  3. Germaniya — 37.76

Ayollar o‘rtasidagi 4x100m estafetasida Yamayka ayollaridan iborat jamoa hammadan yaxshiroq natija ko‘rsatib, shohsupaga g‘olib sifatida ko‘tarildi. Brayna Uilyams, Jodeyn Uilyams, Lavanya Uilyams va Elayn Tomson-Hera kvarteti naqd 42 soniyada marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar quyidagicha ko‘rinishga keldi:

1.  Yamayka — 42.00   2. Kanada — 42.17 (MR)  3. Ispaniya — 42.31

Erkaklar o‘rtasida 4x400m finalida: 1.  Botsvana — 2:54.47   2. JAR — 2:55.07 (MR)  3. Avstraliya — 2:55.20
Botsvana tarkibi —  Lee Bhekempilo EPPIE, Letsile TEBOGO, Bayapo NDORI va Busang Collen KEBINATSHIPI.

Ayollar o‘rtasida 4x400m finalida: 1.  Norvegiya — 3:20.96   2. Ispaniya — 3:21.25 (MR)  3. Kanada — 3:22.66
Norvegiya tarkibi —  Josefine Tomine Eriksen AKS, Amalie IUEL, Astri ERTZGAARD va Henriette JÆGER.

Aralash 4x100m final bosqichida: 1.  Yamayka — 39.62 (JR)   2. Kanada — 40.23  3. AQSh — 40.33
Yamayka tarkibi — Akim Bleyk, Tina Kleyton, Kadrian Goldson va Tia Kleyton.

Aralash 4x400m yakuniy bosqich sovrindorlari: 1.  AQSh — 3:07.47   2. Yamayka — 3:08.24 (MR)  3. Buyuk Britaniya — 3:09.84
AQSh tarkibi —  Bryce DEADMON, Paris PEOPLES, Jenoah MCKIVER va Bailey LEAR.

4x100m aralash estafeta musobaqasida Yamayka jamoasi bir kun avval o‘rnatilgan Jahon Rekordini 37 millisoniyaga yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi — 39.62 soniya. Jamoa tarkibi avvalgisi bilan bir xil edi.

Gaboronedagi Jahon Birinchiligi g‘oliblik, shon-shuhrat, medallar, pul mukofotlari va Jahon Chempionatiga yo‘llanma berishidan tashqari yana bir jihatdan ahamiyatli edi. Bu yili ilk bor tashkil etilgan hamda kuchlilar orasida faqat eng kuchlilarnigina bir joyga jamlashni va'da qilgan Budapesht shahrida sentyabr oyida o‘tkaziladigan birinchi Jahon Ultimate Chempionatiga yo‘llanmalar taqdim etilish Botsvanadagi musobaqaga boshqacha ahamiyat berilishiga sabablardan biri edi. 

Yakunda natijalariga binoan quyidagi jamoalar turlar bo‘yicha Budapeshtga uchish imkoniyatini qo‘lga kiritdi:
4x100m aralash: Kanada, Germaniya, Yamayka, Nigeriya, Ispaniya va AQSh,
4x400m aralash: Buyuk Britaniya, Italiya, Yamayka, Keniya, Ispaniya va AQSh.


 


Sarvar Ismoilov — uloqtirish turlari bo‘yicha Osiyo Chempioni! 03.05.2026 00:00

Janubiy Koreyaning Mokpo shahrida o‘tkazilayotgan 4-Uloqtirish turlari bo‘yicha Osiyo Chempionatida hamyurtimiz Sarvar Ismoilov erkaklar o‘rtasida nayza uloqtirish yo‘nalishida final bosqichida ishtirok etib, 77.39 metr natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirdi va birinchi o‘rinni egalladi.

7_699907.jpg

Bu g‘alaba — matonat, tinimsiz mehnat va yengilmas ruhning yorqin isboti bo‘lib, har bir urinishda ortib borayotgan ishonch, sinovlardan toblangan iroda va Vatan sharafini yuksaklarga ko‘tarishga bo‘lgan cheksiz intilishning tantanasidir!

6_182534.jpg

Qayd etish joizki, Sarvar Ismoilov 6 urinishda 3 bor o‘z shaxsiy eng yaxshi natijasini yangiladi.

5_346084.jpg

Sarvar ISMOILOV — 77.39 metr — nayza uloqtirish — 76.03 (1), X (2), 74.02(3), 76.32 (4), 77.39 (5), 73.62 (6) — 1-o‘rin  

Osiyo Chempionatida shaxsiy rekordini o'rnatgan hamyurtimiz, shuningdek mamlakatning barcha davrlardagi eng yaxshi 9-natijasini ko'rsatdi va o'z nomini yurtimiz yengil atletikasi tarixiga yozdirib qo'ydi. Qolaversa, ushbu medal 4-bor o'tkazilgan uloqtirish turlari bo'yicha Osiyo Chempionatidagi ilk oltin medal ham hisoblanadi. Sarvar Ismoilovga bundanda yuqori marralarni zabt etishini tilaymiz!

Shu tariqa bu yilgi Osiyo Chempionatida 🇺🇿 O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 1 ta kumush medal qo‘lga kiritdi. 

G‘alaba barchamizga muborak bo‘lsin!




Ayyubxon Fayozov — Osiyo Chempionati kumush medal sohibi! 02.05.2026 00:00

Janubiy Koreyaning Mokpo shahrida o‘tkazilayotgan 4-Uloqtirish turlari bo‘yicha Osiyo Chempionatida hamyurtimiz Ayyubxon Fayozov erkaklar o‘rtasida bosqon uloqtirish musobaqasida 71.33 metr natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi va musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.

fayozov.jpg

Ayyubxon FAYOZOV — 71.33m — bosqon uloqtirish —
69.41 (1), 69.34 (2), X (3), 71.33 (4), X (5), 70.53 (6) — #2-o‘rin




Pages: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... Keyingi Oxirgi
Надия Дусанова
Светлана Радзивил и Надия Дусанова
Юлия Тарасова
Светлана Радзивил
  •  
  •  
  •  
  •  
  •  
НАШИ ПАРТНЕРЫ:
Партнер 1
Партнер 2
Партнер 3
Партнер 4
Партнер 5